Shanba, 12.10.2024, 14:19
Hush kelibsiz Гость | RSS
 Toshkent viloyati Parkent tumani Xalq Ta'limi Bo'limi
Bosh sahifa Ro'yxatdan o'tishKirish
Sayt menyusi
Паркент
ЕвроМетео
Statistika

Jami onlaynda 1
Mehmonlar: 1
Foydalanuvchilar 0
Главная » 2014 » Iyul » 25 » Chet tili
19:02
Chet tili

 Chet tili o`qituvchilariga ehtiyoj qaysi manbalar hisobiga qoplanmoqda?
Prezidentimizning “Chet tillarni o`rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori asosida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar bugun avj pallasiga kirdi. O`tgan o`quv yilida 1-sinfga qadam qo`ygan bolajonlar yangi darslik-majmualardan foydalangan holda bir yil tahsil olishdi. 2-sinflarning darslik-majmualari tajriba-sinovdan o`tkazilib, yangi o`quv yiliga shay holga keltirilmoqda. 2014-2015 o`quv yilida 2-sinflar yangi o`quv darsliklaridan foydalangan holda chet tilini o`rganishni davom ettiradi. Tabiiyki, bu tizimda yana ko`plab malakali kadrlarga ehtiyoj tug`diradi. Zero, kadrlar etishmasa yoki mavjudlari talabga javob bermasa, barcha sa'y-harakatlar befoyda.
Shu kunlarda respublikamiz umumta'lim maktablarida jami 26 ming 344 nafar chet tili o`qituvchisi faoliyat yuritmoqda. Ulardan 20365 nafari (77,3 foizi) ingliz tili, 3506 nafari (13,3 foizi) nemis tili, 2345 nafari (8,9 foizi) frantsuz tili va 128 nafari (0,5 foizi) boshqa chet tili fani o`qituvchilaridir. Shunga qaramay, 2013-2014 o`quv yilida 1-sinflarda tahsil olgan 533 ming 45 nafar o`quvchiga dars berishni to`laqonli tashkil etish uchun qo`shimcha 3970 stavka chet tili o`qituvchilariga ehtiyoj sezildi. Bu esa oliy ta'lim muassasalarining bitiruvchilari hamda faoliyatdagi o`qituvchilar pedagogik yuklamasini oshirish hisobidan qoplandi.
Ayni paytda ilg`or jahon tajribalari hisobga olingan holda O`zbekistondagi uzluksiz ta'lim tizimi uchun yaratilib, amaliyotga joriy etilgan davlat ta'lim standartlari chet tilini ta'limning barcha bosqichlarida o`qitish, o`quvchi-talabalar va o`qituvchilar bilimi hamda chet tilini o`rganishni tashkil etish jarayonini baholashga alohida yondashuvni talab etmoqda. Unga ko`ra fan o`qituvchilarining malakasini oshirish dolzarb masalalardan biri sifatida qayd etilmoqda.
Shu maqsadda respublikamizdagi yuqori salohiyatli, chet tillarni a'lo darajada biladigan mutaxassislar tajribasidan foydalangan holda “O`rgan-o`rgat” tavsiyalari asosida chet tili o`qituvchilari malakasini oshirishning yangi mexanizmi yaratildi.
O`tgan yili hududlardan saralab olingan 160 nafar ingliz tili, 45 nafar nemis tili va 42 nafar frantsuz tili o`qituvchilari O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti bazasida maxsus 144 soatlik kurslarda trener sifatida tayyorlandi. Barcha mashQulotlar yuqori malakali mahalliy trenerlar hamda Britaniya kengashining O`zbekistondagi vakolatxonasi, Frantsiya elchixonasi, Germaniyaning Gyote instituti xodimlari tomonidan olib borildi. Bu, o`z navbatida, trenerlik guruhiga tanlangan o`qituvchilardan o`z mutaxassisligini yuqori darajada bilishni talab etdi. Mashg`ulotlarni tushunmaganlar o`z-o`zidan sinovlardan o`tolmay guruhdan chetlashtirildi va sertifikat berilmadi.
Keyingi bosqichda trenerlar yordamida hududiy malaka oshirish institutlarida xalq ta'limi tizimida faoliyat ko`rsatayotgan 23 mingdan ortiq chet tili o`qituvchilarining malakasi oshirildi. Ushbu davrda o`qituvchilar uchun to`liq chet tili muhiti yaratilib, yangi metodikalar bilan tanishtirildi, 1-sinf darslik majmualari bilan ishlash tartibi tushuntirildi.
1-sinf darsligi majmua shaklida yangi DTS va o`quv dasturlari asosida yaratilgan bo`lib, o`quvchi kitobi, o`qituvchi kitobi, ota-onalar bilan ishlashga mo`ljallangan qo`llanma va multimediali ilovalardan iborat. Yangiligi va o`qituvchilarga murakkablik qiladigan jihati shundaki, ushbu darslik-majmua asosida bir yil davomida umuman harflarsiz, ya'ni o`qish, yozishsiz bolalarga chet tili o`rgatiladi. Malaka oshirish jarayonida shu kabi jihatlarga alohida e'tibor qaratilib, har bir o`qituvchiga darslikdan, o`qituvchi uchun metodik qo`llanma va multimediali disklardan foydalanish sirlari o`rgatildi.
Ayrim maktablarda chet tili o`qitilmayotgan holatlar ham aniqlandi va muammolar o`z vaqtida bartaraf etildi. Yil davomida viloyat va tumanlar kesimida chet tili fani metodistlari tomonidan barcha maktablarning 1-sinflarida ingliz tili fani o`qitilishi monitoringi olib borildi. Shu asosda metodistlar tomonidan joylarda 1-sinf o`quvchilariga chet tilini o`rgatish sifatini yaxshilash, ta'lim samaradorligini oshirish, tajribali o`qituvchilar ishlarini ommalashtirish, darslarni tashkil etishdagi muammo va kamchiliklarni hal etish bo`yicha tizimli ishlar amalga oshirildi. Chet tili darslari kuzatilib, metodbirlashma yig`ilishlarida muhokama qilinib borildi. O`zlashtirilishi murakkab mavzular bo`yicha ilg`or pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda o`quv-seminar va ochiq darslar tashkil etildi.
Aksariyat maktablarning 1-sinflarida ingliz tilining o`qitilishi tizimdagi bir qator turdosh yo`nalishdagi o`qituvchilarni ingliz tiliga kasbiy qayta tayyorlash ehtiyojini keltirib chiqarmoqda. UzTEA (O`zbekiston ingliz tili o`qituvchilari uyushmasi) bilan hamkorlikda ingliz tiliga qayta tayyorlashdan o`tish istagini bildirgan 3098 nafar o`qituvchi orasidan saralab olingan munosib nomzodlar Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markaziy institutida qayta tayyorlashdan o`tayotir.
Prezidentimiz qarorida qishloq joylardagi ta'lim muassasalarining chet tillar o`qituvchilari tarif stavkalariga 30 foiz, boshqa ta'lim muassasalarida 15 foiz miqdorida qo`shimchalar qo`shish belgilangan. Har bir chet tili o`qituvchisi 144 soat hajmda o`rnatilgan tartibda malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli o`tab, sertifikatni qo`lga kiritgach, Davlat test markazi tomonidan sinovdan o`tkaziladi va talabga javob beradiganlari ustama olish uchun tavsiya etiladi.
Yangi o`quv yilida esa 580 ming nafardan ortiq o`quvchi 1-sinfga qabul qilinishi, chet tillar o`qitilishining 2-sinfda davom ettirilishi munosabati bilan o`qituvchilarga qo`shimcha ehtiyoj uch ming stavkani tashkil etmoqda. Ta'kidlash kerakki, joriy yilda chet tili yo`nalishi bo`yicha 17 ta oliy ta'lim muassasasini 3391 nafar bakalavr va 287 nafar magistr tamomlamoqda. Ularning ro`yxati hududiy xalq ta'limi boshqarmalariga yuborilgan bo`lib, uch tomonlama shartnomalar tuzilmoqda.
Galdagi malaka oshirishga ehtiyoj o`qituvchilarni yangidan yaratilgan 2-sinf chet tili darslik majmualaridan foydalanishga o`rgatish edi. Shu maqsadda vazirlikning alohida buyrug`i asosida o`tgan yilgi tajribali trenerlar jalb etilgan holda, 36 soatlik maxsus trenerlik kurslari tashkil qilindi. Ular yordamida hududiy malaka oshirish ins-titutlarida aprel-iyul oylarida yangi o`quv yilida 2-sinflarga dars beradigan 18 mingga yaqin chet tili o`qituvchilari o`qitilmoqda. O`tgan o`quv yilidagi tahlillar shuni ko`rsatdiki, chet tili o`qituvchilarida yillar davomida 5–9-sinf o`quvchilariga dars berish ko`nikmasi shakllangan. 1- yoki 2-sinf o`quvchilari, ya'ni 6, 7, 8 yoshli bolalarni o`qitish esa alohida yondashuv talab etadi. Shu bois maxsus kurs dasturiga boshlang`ich ta'lim metodikasi ham singdirildi.
Chet tili o`qituvchilariga ehtiyoj hududlar kesimida o`rganilganda qator kamchiliklar aniqlandi va bu muammolarni jadal hal etishga kirishildi. Masalan, Namangan viloyatidagi ta'lim muassasalarida 2013-2014 o`quv yilida 1856 nafar chet tili o`qituvchisi faoliyat ko`rsatgan edi. Yangi o`quv yilida 1459 ta 1-sinf ochilishi rejalashtirilgan bo`lib, 352 nafar chet tili o`qituvchisiga ehtiyoj tug`ildi va bu ayni paytda faoliyat ko`rsatayotgan chet tili o`qituvchilarining dars soatlarini 1,5 stavkaga oshirish hamda oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilarini ishga qabul qilish hisobiga qoplanishi ko`zda tutildi.
Namangan viloyatidagi umumta'lim maktablarining tajribali 13 nafar ingliz tili fani o`qituvchisi Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markaziy institutida trenerlar tayyorlash kursida ishtirok etdi. Viloyat pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida esa “Boshlang`ich sinflarda chet tilini o`qitish metodikasi” yo`nalishida tashkil etilgan 2-sinf chet tili o`qituvchilarining malakasini oshirish bo`yicha 36 soatlik maxsus kursdan barcha chet tili o`qituvchilarining o`tishi ta'minlandi.
Jizzax viloyati xalq ta'limi tizimida esa 1063 nafar chet tili o`qituvchisi faoliyat ko`rsatib, 2-sinflarda chet tili o`qitilishi munosabati bilan 212,8 stavka qo`shimcha ehtiyoj yuzaga kelgan. Ushbu ehtiyoj joriy yilda xorijiy tillar yo`nalishi bo`yicha oliy ta'lim muassasalarini tamomlayotgan 72 nafar bitiruvchini ishga jalb etish va hozir faoliyat ko`rsatayotgan o`qituvchilarning dars soatlarini 1-1,5 stavkaga oshirish hisobidan qoplanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 24 nafar turdosh fan o`qituvchisi viloyat pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida chet tili bo`yicha qayta tayyorlov kurslariga jalb qilingan.
Bu boradagi ishlar barcha hududlarda ham ko`ngildagidek bormoqda deb bo`lmaydi. Ayniqsa, chekka va tog`li tumanlarda chet tili o`qituvchilariga ehtiyoj yuqoriligicha qolayapti. Oliy o`quv yurti bitiruvchilarini ishga jalb etish, uch tomonlama shartnomalar tuzish ishlari sust ketayotgani kishida taassuf uyg`otadi. Ayrim viloyatlarda ushbu maxsus kurslarni tashkil etish o`z holiga tashlab qo`yilgani, qisqa muddatli malaka oshirish kurslarida dars mashg`ulotlari olib borayotgan trener-o`qituvchilarga ish haqi o`z vaqtida to`lab berilmagani aniqlangan. Mavjud holatlar yuzasidan tegishli choralar ko`rilib, kamchiliklar bartaraf etilmoqda.
Bugun boshlang`ich sinflardanoq chet tillarni puxta o`rganib, xorijlik tengdoshlari bilan muloqotga chog`lanayotgan o`g`il-qizlarni ko`rganda mamlakatimizga bu borada olib borilayotgan ishlar istiqbolli ekaniga ishonch hosil qiladi kishi. Tizimda mehnat qilayotgan har bir xodim, pedagog shu mas'uliyat va g`ururni his etib, yuragidan o`tkazsa, shubhasiz, ko`zlagan maqsadimiz to`la-to`kis ro`yobga chiqadi. Farzandlarimiz yuksak bilim va salohiyatga ega insonlar bo`lib kamol topadi.

                                                     Abdurahim NOSIROV,
                                          Xalq ta'limi vazirligining umumta'lim va
                                ixtisoslashtirilgan maktablar boshqarmasi boshlig`i

 

Просмотров: 972 | Добавил: Bahodir | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Kirish uslubi
Saytdan izlash
Taqvim
«  Iyul 2014  »
DuSeChPaJuShYa
 123456
78910111213
14151617181920
21222324252627
28293031
Arxiv
Foydali saytlar
  • XTV sayti
  • Ziyonet
  • Hukumat portali
  • Respublika ta'lim markazi
  • Bolalar kutubxonasi
  • Respublika tashxis markazi
  • Copyright MyCorp © 2024