Shanba, 12.10.2024, 14:20
Hush kelibsiz Гость | RSS
 Toshkent viloyati Parkent tumani Xalq Ta'limi Bo'limi
Bosh sahifa Ro'yxatdan o'tishKirish
Sayt menyusi
Паркент
ЕвроМетео
Statistika

Jami onlaynda 1
Mehmonlar: 1
Foydalanuvchilar 0
Главная » 2014 » Fevral » 16 » Raxbar kadrlar attestatsiyasi
13:42
Raxbar kadrlar attestatsiyasi
1. Davlat attestatsiyasining mazmun va mohiyati.

Rahbar va pedagog kadrlarni attestatsiyadan o’tkazish va ularga malaka toifalari berishi tartibi to’g’risida Nizom (O’zR AV 18.01.2006 y. 1540-son bilan ro’yxatga olingan O’zR MAIMKV 30.12.2005 y. 106-son, O’zR XTV 43-son va O’zR DTM 01 356-son qarori bilan tasdiqlangan (ko’chirma).
O’zbekiston Respublikasi uzluksiz ta’lim tizimi pedagoglar tarkibi va rahbar kadrlarini attestatsiyadan o’tkazishdan maqsad ularning kasb mahoratlari o’sishini rag’batlantirish, ta’lim-tarbiya, ma’naviy-ma’rifiy yo’nalishlardagi mehnati natijalarini xolis baholash, egallab turgan yoki da’vogarlik qilayotgan toifa va lavozimlariga muvofiqligini aniqlash, ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonini sifatini oshirish maqsadida o’tkaziladi. SHuni alohida ta’kidlash kerakki, har qanday attestatsiya jarayoni oldindan tayyorlangan reja, bu jarayonni olib borish uchun hozirlangan ko’pgina materiallar, yuridik xarakterga ega hujjatlar asosida amalga oshiriladi. Attestatsiya eng avvalo o’qituvchi, ta’lim muassasasi rahbari va mas’ul xodimining o’z lavozimiga loyiqligi yoki yo’qligi, da’vogarlik qilayotgan lavozimiga to’g’ri kelishi yoki aksi, bugungi DTS talablariga javob berishi nuqtai nazaridan o’tkaziladi. SHuning uchun har bir xalq ta’limi tizimining xodimi bunga jiddiy tayyorgarlik ko’rishi, attestatsiya oralig’idagi muddatda uzluksiz o’z ustida ish olib borishi, darslik, metodik qo’llanma va tavsiyanomalar tayyorlash, nashr ettirishga erishishi lozim.
Rahbar va pedagog kadrlar attestatsiyasi ularning mazkur Nizom "Ta’lim to’g’risida”gi Qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Davlat ta’lim standartlari, Davlat talablari, respublikada amalga oshirilayotgan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy islohotlarning bajarilishini ta’minlashdagi faolligi, ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlar sifati va egallab turgan lavozimlariga muvofiqligini xolis baholash, ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonini takomillashtirish maqsadida o’tkaziladi.
2. Attestatsiyadan o’tish uchun taqdim etiladigan hujjatlar.
Attestatsiyadan o’tuvchi rahbarlar ta’limning boshqaruv organiga: pedagoglar ta’lim muassasasi rahbariyatiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- Ma’lumotnoma;
- Ma’lumoti, toifasi, ilmiy daraja va unvoni (mavjud bo’lsa) haqidagi hujjatlarning nusxalari;
- So’ngi 5 yilda nashr etilgan ilmiy, o’quv-uslubiy ishlari, ixtirolari va maqolalari ro’yxati (mavjud bo’lsa);
- Malaka oshirganlik haqida guvohnoma (sertifikat) nusxasi;
- Qayta tayyorlash muassasalarida olgan mutaxassisligi haqidagi diplom, guvohnoma (sertifikat) nusxasi;
- Attestatsiyadan o’tuvchining oxirgi 5 yildagi o’quv, uslubiy, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy yo’nalishlar bo’yicha olib borgan ishlari hisoboti;
- Ta’lim muassasasini rivojlantirish borasidagi ishlari va kelgusidagi rejalari haqida qisqacha ma’lumot (rahbarlar uchun).
Komissiyaga taqdim etilgan rahbarlar to’g’risidagi hujjatlar ta’lim muassasasi rahbariyati, pedagoglar to’g’risidagi hujjatlar ta’lim muassasasi (yoki bo’lim) rahbari tomonidan imzolanadi.
Attestatsiya komissiyalari attestatsiyadan o’tuvchilar ish faoliyatiga oid qo’shimcha ma’lumotlar so’rash huquqiga ega.
3. Attestatsiya o’tkazish tartibi.
Rahbar va pedagog kadrlarni attestatsiyadan o’tkazish tartibi yuqoridagi Nizomning IV-bandida o’z aksini topgan. Ta’lim muassasasining rahbari attestatsiya tartibining bu shartlarini juda jiddiy o’rganishi, uning har bandida ta’kidlangan tartibga rioya etishi, eng muhimi oldindan tayyorgarlik ko’rishi lozim. CHunki bu band aslida attestatsiya mohiyatini belgilaydi, uning muvaffaqiyatli o’tishiga asos bo’ladi.
Rahbar kadrlar attestatsiyasi quyidagicha tashkil etiladi”:
- rahbar kadrlar ta’limga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar, rahbarlik qobiliyati va ma’naviy-ma’rifiy yo’nalishlar bo’yicha test sinovidan o’tkaziladi;
- rahbarning oxirgi attestatsiyasidan keyingi yillardagi o’quv, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar bo’yicha faoliyati ta’lim muassasasining rivojlanish sur’ati haqidagi aniq statistik ma’lumotlar asosida o’rganiladi va tahlil qilinadi;
- rahbarning umumiy bali test, suhbat natijalari, rahbar faoliyatini belgilovchi ko’rsatkichlarga qo’yilgan ball hamda jamoa tomonidan berilgan baholar yig’indisidan iborat bo’ladi.
Rahbar kadrlar uchun test savollari to’plami: O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyas, "Ta’lim to’g’risida”gi Qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Prezident Farmon va Farmoyishlari, Mehnat kodeksi, Davlat ta’lim standartlari, Davlat talablari, milliy istiqlol g’oyasi va ma’naviyat asoslari, yangi pedagogik-informatsion texnologiyalar, boshqaruv san’atiga oid psixologik testlar, ta’limga oid me’yoriy-huquqiy, moliyaviy hujjatlarga oid masalalarni o’z ichiga oladi.
Ta’lim muassasasini rivojlantirish sur’atini belgilovchi ko’rsatkichlarga bitiruvchilarning bilim darajasi, ta’lim muassasalaridagi o’quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot ishlarining tashkil etilish darajasi, o’quvchilarning xalqaro va respublika olimpiadalari, sport musobaqalari, ma’naviy-ma’rifiy yo’nalishlar bo’yicha ko’riklardagi natijalari, bitiruvchilarning ishga (o’qishga) joylashishi, o’qituvchilar, iqtidorli va kam ta’minlangan o’quvchilarni ijtimoiy himoyalash bo’yicha olib borilgan ishlar, ta’lim muassasasi moddiy-texnik bazasi, fan va ishlab chiqarish bilan integratsiyasi, xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik masalalari kiritiladi.
Sotsiologik so’rovlar rahbarning siyosiy-ijtimoiy bilimlarga egaligi, muomalasi, insonparvarligi, jamoani boshqara olish qobiliyati, tashkilotchiligi, tashabbuskorligi, fidoyiligi, mas’uliyatliligi, qat’iyatliligi xodimlar manfaati yo’lida jonkuyarligi, adolatliligi, o’ziga va o’zgalarga nisbatan talabchanligi kabi fazilatlarini aniqlashga qaratiladi.
Nizomda ko’rsatilgan bu shartlarga maktab direktori, o’quv-tarbiya ishlari bo’yicha direktor o’rinbosarlari, o’qituvchilar oldindan hozirlik ko’rishlari, qunt bilan har bir bandga to’liq javob berishga tayyor bo’lishlari lozim.
4. Attestatsiya natijalari va rahbar mas’uliyati.
SHuni alohida ta’kidlash joizki, ta’lim muassasasining a’zolari bo’yicha o’tkaziladigan attestatsiya eng birinchi navbatda uning rahbari ish faoliyatining attestatsiyasi hamdir. CHunki, maktabdagi pedagogik kadrlarning salohiyati, ularning o’z o’rnida ekanligi, ilmiy-pedagogik darajasi rahbar-maktab direktorining bu masalaga qay darajada yondoshganligidan dalolatdir. Agar rahbar o’z jamoa ahliga mehribon, talabchan, eng avvalo o’zi rahbarligi qatori, yuksak saviyadagi mutaxassis, o’qituvchilar professionalizmiga e’tiborli, dars tahlillariga qatnashuvchi, yangi pedagogik texnologiyani joriy etishgina emas, uning ashaddiy tarafdori bo’lsagina, kadrlar attestatsiyasining ijobiy natija berishi turgan gap. SHuning uchun maktab rahbarlari butun faoliyati davomida bu masala monitoringini uzluksiz olib borishlari nazoratida tutishlari lozim.
Ta’lim muassasasining rahbarlari uchun attestatsiya natijalarini bilish va oldindan hozirlik ko’rish zarur shartlardan biridir.
Attestatsiya natijalari Nizomda quyidagicha berilgan:
"Pedagog va rahbar kadrlar attestatsiyasi 100 ballik tizim asosida baholanadi.
Komissiya attestatsiya natijalariga ko’ra rahbarning 70 yoki undan yuqori bo’lganda "Egallab turgan lavozimiga loyiq, 55-70 oralig’ida ball to’plaganda "Egallab turgan lavozimiga shartli ravishda loyiq”, 55 balldan past ko’rsatkichga ega bo’lganda "Egallab turgan lavozimiga noloyiq” deb xulosa chiqaradi.
"Egallab turgan lavozimiga shartli ravishda loyiq” deb e’tirof etilgan rahbar kadrlar 6 oydan so’ng qayta attestatsiyadan o’tkaziladi.
"Egallab turgan lavozimiga noloyiq” deb e’tirof etilgan rahbar kadrni ishga qabul qilgan ta’limni boshqaruv organi (tashkilot) Mehnat Kodeksining 100-moddasi 2-bandiga asosan egallab turgan lavozimidan ozod qiladi.
Komissiyaning rahbar kadrlar attestatsiyasiga oid xulosalarini attestatsiya o’tgan kundan boshlab bir oy muddatda ta’limni boshqaruv organlari bajarishi shart.
Komissiya attestatsiya natijalariga ko’ra pedagogning 70 dan yuqori bo’lganda, u egallab turgan yoki davogarlik qilayotgan toifa va lavozimiga "loyiq”, 55-70 oralig’ida ball to’plaganda egallab turgan toifa va lavozimiga "shartli ravishda loyiq”, 55 balldan past ko’rsatkichga ega bo’lganda egallab turgan yoki da’vogarlik qilayotgan toifa va lavozimga "noloyiq” deb xulosa chiqaradi.
Tayanch ma’lumoti dars berayotgan faniga mos kelmaydigan pedagog kadrlar qayta tayyorlash kurslaridan o’tmagan bo’lsa, attestatsiyaga qo’yilmaydi va "Egallab turgan lavozimiga noloyiq” deb e’tirof etiladi.
Attestatsiya komissiyasining xulosasi attestatsiya o’tkazilgan kuni komissiya tomonidan bevosita e’lon qilinadi.
Attestatsiya natijasiga ko’ra "shartli ravishda loyiq” deb e’tirof etilgan pedagog kadrlar da’vogarlik qilayotgan toifalariga o’tkazilmaydi. Ular navbatdagi attestatsiyagacha egallab turgan toifasida qoldiriladi.
Yangi toifaga da’vogarlik qilayotgan pedagoglar navbatdagi attestatsiyadan shartli o’tganda, o’z lavozim (toifa)larida qoldirilib, 6 oydan so’ng qayta attestatsiyadan o’tkaziladi.
"Egallab turgan lavozimiga noloyiq” deb e’tirof etilgan pedagogning lavozimi (toifasi) pasaytiriladi.
Mutaxassis toifasiga ega pedagog "Egallab turgan lavozimiga noloyiq” deb e’tirof etilganda ta’lim muassasasi rahbari pedagogga boshqa ishga o’tishni hamda qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kursiga borishni taklif qiladi. Ushbu takliflarga rozi bo’lmaganda amaldagi qonunchilik asosida u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinadi.
Qayta tayyorlash va malaka oshirish kursiga yuborilgan pedagog da’vogarlik qilayotgan toifasi bo’yicha "Egallab turgan lavozimiga "noloyiq” deb e’tirof etilsa, navbatdagi attestatsiyagacha egallab turgan oldingi toifasida qoldiriladi.
Ta’lim muassasasi rahbari attestatsiya komissiyalar xulosalari asosida pedagog kadrlar uchun tegishli buyruqlarni bir oy muddat ichida qabul qiladi.
Attestatsiya qilinuvchi attestatsiyaga uzrli sabab bilan kelmagan taqdirda uning attestatsiyasi boshqa muddatga ko’chiriladi. Attestatsiyaga uzrsiz sababga ko’ra qatnashmagan pedagog va rahbar "Egallab turgan lavozimiga noloyiq” deb e’tirof etiladi.
Attestatsiya komissiyasining xulosa (baho va tavsiya)lari attestatsiya varaqasida qayd etiladi va bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Egallab turgan yoki da’vogarlik qilayotgan toifa va lavozimiga "loyiq” deb e’tirof etilgan pedagog va rahbarga Davlat test markazi reestridan o’tgan sertifikat beriladi.
5. Maktabni boshqarishga zamonaviy yondashuvlar.
Maktab rahbarlari boshqaruv faoliyatining asosiy vazifasi ta’lim jarayonini tashkil etishda ijobiy natijalarga erishish uchun jamoada zaruriy sharoitlarni yaratish, raqobat bardosh bitiruvchilar tayyorlash va yaxlit ta’lim tizimini rivojlantirish hisoblanadi.
SHundan kelib chiqib, maktab bilan ta’lim jarayonini o’zaro bog’liq holda yaxlit tizim deb hisoblasak, ularni boshqarish ham tizimli xususiyatga ega bo’lishi kerak. Ta’lim muassasalarining o’ziga xos xususiyatlarini tahlil qilishga tizimli yondashuvning mazmun va mohiyatini quyidagi tamoyillar asosida ko’rishimiz mumkin:
- sub’ektlar faoliyatining maqsadga yo’naltirilganligi;
- majmuaviylik – ob’ekt o’zaro bog’langan tashkil etuvchi qismlarning majmuasi ekanligi;
- integrativlik – harakatlanish va rivojlanishga xizmat qiluvchi ichki va tashqi omillarning o’zaro birligi;
- o’zaro bog’liqlik – ob’ekt alohida bir tizim sifatida va yuqori tartibli yaxlit tizimning tashkil etuvchi qismi sifatida mavjudligi;
- kommunikativlik – tashqi muhit va boshqa tizimlar bilan o’zaro ta’sir etish xususiyatlariga ega ekanligi;
Boshqaruv faoliyatining tizimli ob’ekti sifatida ta’lim muassasasining quyidagi o’ziga xos xususiyatlari mavjud:
- integrativ sifatlar, alohida olingan tashkil etuvchi qismlardan birortasi ham bunday sifatlarga ega emas;
- tashkil etuvchi komponentlar, ular maktabning tashkiliy qismlari hisoblanadi;
- struktura – bu tashkil etuvchi qismlar o’rtasidagi belgilangan aloqa va munosabatlar;
- tizimning va uning alohida komponentlarining funktsional tavsiflari;
- ichki va tashqi muhitlar o’rtasidagi o’zaro ta’sir natijasida vujudga keluvchi kommunikativ xususiyatlar.
Ta’lim muassasasi (qonuniy va me’yoriy hujjatlar, davlat ta’lim standartlari doirasida) o’z faoliyati funktsiyalarining yo’nalishini, mazmun va mohiyatini, tartibini belgilash va to’ldirib borish huquqiga ega. Ta’lim jarayoni funktsiyalari amalga oshirilishining natijaviyligi o’quvchilarning shaxsiy rivojlanishi va tayyorgarligining davlat ta’lim standartlari talablariga muvofiqlik darajasini belgilaydi.
Ta’lim muassasasi faoliyatida vujudga kelayotgan ta’lim-tarbiya jarayonidagi muammolarning ko’p qirraligi va murakkabligi, nafaqat ta’limni boshqarishni sifat jihatdan o’zgartirish shartini qo’yadi, balki ta’lim muassasalarini boshqarishni takomillashtirish zaruriyatini ham belgilaydi.
Ta’lim muassasasini isloh qilish jarayonlari odatda lokal, alohida qismlar bo’yicha, ayrim o’qituvchilarning ijodiy-pedagogik faoliyati doirasida o’zaro bog’liq bo’lmagan yangiliklardan boshlanadi. Keyin islohotlar, sohalar, tarmoqlar, bo’g’in va qismlarni qamrab oladi. Islohotlar jarayoni to’la ob’ektni, ta’lim muassasasini qamrab olgan davrda birga o’quvchilar, o’qituvchilar, rahbarlar ishtirok etadilar hamda rivojlanishga, ijobiy natijalarga erishishga yo’naltirilgan yangi maqsadlarni va tarkibiy tuzilishga ega bo’lgan yangi turdagi ta’lim muassasasini yaratish zaruriyati va imkoniyati vujudga keladi. Bunday hollarda ta’lim muassasasi alohida bir ijtimoiy organizm, ijtimoiy tizim sifatida rivojlanadi.
Maktab oldiga qo’yilgan maqsadlarga erishish uchun qaratilgan, oldindan yaratilgan, mavjud bo’lgan salohiyatlar asosidagi faoliyatlar jarayoni asosiy va yordamchi (ta’lim jarayonlari) jarayonlar hamda ularni ta’minlovchi va sharoitlar yaratuvchi jarayonlarni o’z ichiga oladi. Rivojlanish jarayonlari faoliyatlar bilan bog’liq holda salohiyatni boyitish, kengaytirish asosida yanada yangi sifatlarga yuqori va samarali natijalarga erishishga yo’naltirilgan va uning samaradorligini oshirishga qaratilgan bo’lib, ulardan foydalanishda samaradorlikka erishish va rivojlantirish uchun odatda belgilangan mezonlarni almashtirish; asosiy (ta’lim-tarbiyaviy) va yordamchi (ta’minlovchi) jarayonlarni yoki faoliyat jarayonini takomillashtirish zarur bo’ladi.
Maktabning muammolarini hal qilish yo’nalishidagi yondashuvlar, an’analar, belgilangan tartib va me’yorlarni o’z ichiga oluvchi maktab madaniyati pedagogik tizimning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Maktabni boshqarish uchun rahbarlar va jamoaning boshqa vakillaridan iborat maktabning ichki boshqaruvi, ya’ni ichki nazorat tashkil etiladi.
Maktab jamoasi – bu murakkab tizim bo’lib, o’quv va mehnat faoliyatini qoniqarli tashkil etish, shuningdek, maktab faoliyatining natijalariga o’z ta’sirini ko’rsatuvchi rasmiy va norasmiy, gorizontal va vertikal, shaxslararo va mehnat faoliyatiga oid aloqalar hamda munosabatlarni qamrab oladi.
Ta’lim muassasasi boshqaruv faoliyatining tizimli ob’ekti sifatida quyidagi xususiyatlarga ega: zaruriyat, imkoniyat, ta’lim muassasasining ko’rsatkichlari va o’z qobiliyatini baholash mezonlarini hisobga olish asosidagi rivojlanish yo’nalishi; uning salohiyati, funktsional imkoniyatlari, individualligi va madaniyligi; maktabning mentaliteti; uning yaxlit pedagogik tizimi; resurslar bilan ta’minlanish imkoniyatlari; ichki imkoniyatlari va tashqi muhit bilan munosabatlari; pedagogik va maktab jamoalarining rivojlanishi, shuningdek, maktabning ichki boshqaruv tizimi va uning rivojlanishi.
Ta’lim muassasasining umumiy modelini o’zgartirishda direktor, rahbarlar va pedagoglarning ishonchlariga asoslanishi kerak, chunki yangilangan model zamonaviy talablar darajasida o’quvchilar va bo’lajak o’quvchilar, yosh avlodni o’zgaruvchan ta’lim-tarbiyaviy, ma’naviy ehtiyojlarini qondira olish, yuqori darajada ko’nikma va malakalarga ega bo’lgan o’qituvchilarning tajribalarini qo’llash hamda pedagoglarning ijodiy salohiyatini rivojlantirishga yetarli sharoitlarni yaratib berish zarur bo’lib, ta’lim muassasasini boshqarishning asosiy tamoyillarini inobatga olish lozim.
SHundan kelib chiqib, har bir rahbar o’zining e’tiborini maktabdagi ta’lim-tarbiyaning sifati va samaradorligini oshirishda o’qituvchilarning bilim saviyasini qay darajada ekanligi bilan yaqindan tanishib chiqishi jarayonida o’qituvchilar bilimining saviyasiga, shuningdek, ularga tegishli moddiy hamda ilmiy-metodik yordam ko’rsatishlari, ularning g’oyaviy-nazariy saviyasi va malakasini oshirishni boshqarishlari lozim.
Pedagog mehnatini baholashda o’quvchilar ta’lim-tarbiyasining sifatini, ularning ijtimoiy faolligini, attestatsiya natijasini, ota-onalar, o’quvchilar, maktab rahbarlari va hamkasblarining fikrlarini ham hisobga olib uni ma’naviy va moddiy rag’batlantirib borish muhimdir.
Ta’kidlash joizki, maktab boshqaruvida o’quv-moddiy texnika bazasini mustahkamlash ham muhim ahamiyatga ega bo’lib, u maktab rejasining "Maktabni o’quv-moddiy va texnikaviy bazasini mustahkamlash” deb nomlangan bo’limida, o’z aksini topgan. Unda, maktab uchun ajratilgan mablag’ va boshqa mablag’lardan to’la, o’z vaqtida va unumli foydalanish, o’quv qurollari va boshqa o’quv xo’jalik jihozlari, kutubxona va metodik xonalari uchun mo’ljallangan adabiyotlar, mebellar, darsliklar, o’quv-xo’jalik ashyolarini ta’mirlash va ularning saqlanishini ta’minlash, o’qituvchilar, o’quvchilar, ota-onalar kuchi bilan maktabni yangi o’quv yiliga tayyorlash, sanitariya-gigienik rejim, texnika xavfsizligi va yong’inga qarshi kurash tadbirlari, o’quvchilarning o’z-o’ziga xizmat ko’rsatishi, maktabning o’quv xonalarini belgilangan laboratoriya asbob-uskunalari, kompьyuter va texnika vositalari bilan ta’min etish bo’yicha amalga oshiriladigan ishlar ko’rsatib o’tilgan. SHu bilan birga maktabda sinfdan va maktabdan tashqari tarbiyaviy ishlarni o’tkazishda, o’quvchilar jamoat tashkilotlari faoliyatiga pedagogik rahbarlik, o’quvchilarning jamoatchilik faolligini tarbiyalash va rivojlantirishda axloqiy tarbiya, huquqiy tarbiya, mehnat tarbiyasi, kasb tanlash, iqtisodiy tarbiya, estetik tarbiya, ekalogik tarbiya kabi masalalarni amalga oshirish ishlariga e’tibor qaratish. Xuddi shuningdek, o’quvchilarni mustaqil ishlashga o’rgatish, mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirib borish, ularning og’zaki va yozma nutq madaniyatini o’stirib borish, texnikaga oid ta’limni amalga oshirish, fanlarni o’qitishda o’quvchilarga amaliy malakalar berish kabi tadbirlarni belgilab borish, o’quvchilar o’rtasida turli mavzularda konferentsiyalar, kechalar, o’tkir zehnlilar mushoirasi va ekskursiyalar o’tkazish, devoriy gazetalar chiqarishni yo’lga qo’yish kabi ishlarni belgilash ishlari, o’quvchining intelektual rivojlanishida, maktab ichki boshqaruv tizimidagi ta’lim-tarbiya ishlarini yanada takomillashtirib borishda muhim o’rinni egallashi muqarrar.
Просмотров: 1856 | Добавил: Baxtiyor5647 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Kirish uslubi
Saytdan izlash
Taqvim
«  Fevral 2014  »
DuSeChPaJuShYa
     12
3456789
10111213141516
17181920212223
2425262728
Arxiv
Foydali saytlar
  • XTV sayti
  • Ziyonet
  • Hukumat portali
  • Respublika ta'lim markazi
  • Bolalar kutubxonasi
  • Respublika tashxis markazi
  • Copyright MyCorp © 2024