Shanba, 12.10.2024, 14:16
Hush kelibsiz Гость | RSS
 Toshkent viloyati Parkent tumani Xalq Ta'limi Bo'limi
Bosh sahifa Ro'yxatdan o'tishKirish
Sayt menyusi
Паркент
ЕвроМетео
Statistika

Jami onlaynda 1
Mehmonlar: 1
Foydalanuvchilar 0
Главная » 2014 » Mart » 19 » Navro'z muborak!!!
21:47
Navro'z muborak!!!

Ona zaminimizni yam-yashil libosga burkab, o‘zining betakror ko‘rku jamoli, bahoriy nasimlari, qiru adirlarda kulayotgan boychechagu lolalari bilan yurtimizga Navro‘zi olam kirib keldi. Navro‘z – bu tiniq osmon, yashil borliq, mehnat va muhabbat, gul va alyorlarning mushtarak ramzi. Atrofga sumalakning xush bo‘yi, qir-adirlarda uloqchi otlarning mag‘rur kishnashi, davralarda bel olishayotgan alp yigitlarning o‘ktam hayqiriqlari, qoshlarini o‘sma bezagan qizlar kulgusi taraladi.Vujudimizni hayotbaxsh umidlar qamrab oladi. Yangilanish fasli qalblarda aks-sado beradi. Ulug‘ bunyodkorlikning abadiy qudrati o‘ziga chorlaydi. Borliq in’om etgan obodlik, poklik, yangilanish va yaratish zavqi odam va olamni bog‘laydi.

Yurtimizga uyg‘onish, yangilanish va yasharish fasli ana shunday kirib keladi. Tabiat qudrati, birdamlik, bunyodkorlik va ezgulik timsoli – Navro‘z boshlanadi.

19-mart. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i bayramona bezatilgan.

Bu yerga senatorlar va deputatlar, hukumat a’zolari, fan, madaniyat, sport va san’at namoyandalari, ishlab chiqarish ilg‘orlari, tadbirkorlar, tabarruk otaxonu onaxonlar, turli sohalarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakillari tashrif buyurgan.

Soat 10:00. Maydonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov kirib keladi.

Bayram tantanasiga yig‘ilganlar davlatimiz rahbarini qarsaklar bilan kutib oladi.

Chorlov musiqasi yangraydi.

So‘z O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga beriladi.

Davlatimiz rahbari xalqimizni bahor, yangilanish va yasharish ramzi – Navro‘z bayrami bilan muborakbod etadi.

Muazzam maydonning atrofida turfa ranglardagi bayroqchalar hilpiraydi, ulkan havo sharlari mayin epkinda tebranadi. Sahna tegrasida o‘rnatilgan anvoyi gullar jonlanib, quyoshning zarrin nurlarida jilolanadi. Hayot abadiyligi timsoli bo‘lgan charxpalaklarning bir maromda aylanishi, xalqimizning obod va fayzli xonadonlarini eslatuvchi so‘rilar, chappar urib gullagan o‘riklar, sho‘x-shan uchayotgan qaldirg‘ochlarning sasi yuraklarda ajib hislarni uyg‘otadi.

Shunday faraxbaxsh damlarda ona tabiatda ro‘y berayotgan yasharish, yangilanishlarni qalbidan o‘tkazayotgan hamyurtlarimiz ko‘nglida shodlik, yana bir Navro‘zga, go‘zal hayotning bebaho ne’matlariga eson-omon yetganimiz, el-yurtimiz tinchligi va farovonligi uchun shukronalik tuyg‘ulari jo‘sh uradi.

Maydon uzra karnay-surnay va nog‘oralar sadosi yangraydi, jarchilarning chorlovi bayram boshlanganidan darak beradi. Go‘yo ularning sadosi ona zaminni qish uyqusidan uyg‘otib, borliqqa bahor sepini yoyganidan xabardor qiladi.

“Fasli navbahor o‘ldi, ketibon zimistonlar...”. Ko‘ngillarga bahoriy iliqlik, ko‘klam sururini baxsh etgan sehrli ohanglar og‘ushida yurtimizning husn-malohatda tengsiz tabiati, betakror qadimiy obidalariyu zamonaviy me’morchilik an’analari asosida qad rostlagan muhtasham imoratlari, shahar va qishloqlarimizning ko‘rku tarovatli qiyofasi ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi.

Xalqimiz azaldan tabiat uyg‘onadigan, yil yangilanadigan, dillarda yangi orzu-umidlar tug‘iladigan kunni katta shodu xurramlik, bunyodkorlik va yaratuvchilik ishlari bilan kutib olgan. Ota-bobolarimiz Navro‘zga pokizalik, yaxshi orzu-niyatlar bilan peshvoz chiqqan. Chunki tozalik, saranjom-sarishtalik bor joyda qut-baraka, sihat-salomatlik bo‘ladi.

Bu yilgi bayram ham diyorimizning barcha shaharu qishloqlari, ovul va mahallalarida fusunkor va keng miqyosda – umumxalq sayillari tarzida ko‘tarinki ruhda nishonlanayotir.

Prezidentimiz Islom Karimovning joriy yil 24-fevralda qabul qilingan “2014-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori eng ardoqli va asl milliy bayramimizni munosib kutib olish uchun asos bo‘ldi.

Ushbu qarorga muvofiq yurtimizning barcha go‘shalarida eng qadimiy bayramimizni milliy qadriyatlarimizga hamohang ravishda xalq sayillari tarzida nishonlashga qaratilgan “Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!” degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirildi.

Bahorning dastlabki kunlaridan yurtimizda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari avjiga chiqdi. Qishning rutubatli kunlaridan so‘ng uy-joylar saranjom-sarishta qilindi. 15-mart kuni mamlakatimiz bo‘ylab uyushtirilgan umumxalq xayriya hasharida mahalla va ko‘chalar tozalandi, xiyobonu bog‘lar, korxona va tashkilotlar atrofi obodonlashtirildi. Tabarruk qadamjolar, qabristonlar tartibga keltirilib, mevali va manzarali daraxtlar, gul ko‘chatlari o‘tqazildi. Kam ta’minlangan oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironlar holidan xabar olindi, uylari tartibga keltirilib, bayram sovg‘alari ulashildi. Bularning bari mehr-oqibat, muhtojlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, insonparvarlik g‘oyalari jamiyatimizning ustuvor maqsadiga aylanganidan darak beradi...

...Sahnaga kelajagimiz egalari – bolajonlar kirib keladi. Ular o‘zlarining sho‘x-shodon qo‘shiqlari, jozibador raqslari bilan bolalik olamining go‘zal va baxtiyor onlarini madh etadi.

Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur, qudratli yurtning farzandlari sog‘lom bo‘lur. Davlatimiz rahbarining ana shu g‘oyasini hayotga tatbiq etish maqsadida mustaqillikning ilk yillaridanoq mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Barcha sa’y-harakatlarimiz jismonan baquvvat, fikri sog‘lom, imon-e’tiqodi butun, bilimli, ma’naviyati yuksak, mard va jasur, vatanparvar avlodlarni tarbiyalab voyaga yetkazishga qaratilgan.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2014-yil mamlakatimizda Sog‘lom bola yili, deb e’lon qilingani ana shu g‘amxo‘rlikning amaldagi yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari rahnamoligida ona va bola salomatligini muhofaza qilish, har jihatdan sog‘lom avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” dasturi doirasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Bolalarning sog‘lom tug‘ilishi va sog‘lom ulg‘ayishi uchun sharoit yaratish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, ta’lim tizimini takomillashtirish, bolalar sportini rivojlantirish kabi sohalardagi izchil islohotlar bir-birini to‘ldirib, uzviy tizim shaklini oldi. Bugun zamonaviy tibbiy markazlar, ta’lim muassasalari, sport inshootlari har jihatdan sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

So‘nggi o‘n yilda davolash-profilaktika muassasalarini modernizatsiya qilish va eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlash uchun 750 million AQSh dollaridan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizning 92 foiz o‘g‘il-qizlari rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga to‘la mos keladi. “Save the Shildren” xalqaro tashkiloti reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston dunyodagi bolalar salomatligi to‘g‘risida eng ko‘p g‘amxo‘rlik ko‘rsatadigan o‘nta mamlakat qatoridan joy oldi.

Mamlakatimizda sog‘lom, barkamol avlodni voyaga yetkazishning asosiy vositasi sifatida sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yurtboshimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan uch bosqichli uzluksiz sport tizimi – "Umid nihollari", "Barkamol avlod", Universiada sport musobaqalari navqiron avlodni sportga keng jalb etish bilan birga Vatanimiz bayrog‘ini xalqaro maydonlarda baland ko‘taradigan sportchilarni kashf etishda g‘oyat katta ahamiyat kasb etayotir. Bolalar sportini rivojlantirish borasida mamlakatimizda yaratilgan tizim va to‘plangan tajriba jahonda ko‘pchilikda qiziqish va havas uyg‘otmoqda.

Bu boradagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlar samarasi farzandlarimizning salomatligida, jismoniy ko‘rsatkichlarida ham namoyon bo‘lmoqda. O‘rtacha vazn ko‘rsatkichi 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida 43 kilogrammdan 47 kilogrammga, qizlar o‘rtasida esa 44 kilogrammdan 48 kilogrammga ortgan. Bolalarning bo‘yi o‘g‘il bolalar o‘rtasida o‘rtacha 3 santimetrga, qizlar o‘rtasida esa 2,9 santimetrga o‘sgani xalqimizning sog‘lom bolani tarbiyalash borasidagi ezgu orzu-umidlari ushalayotganidan dalolat beradi.

...Sahnani to‘ldirgan bolakaylarning chiqishlarida ham bu jihatlar o‘z ifodasini topadi. Ularning maydon uzra yangrayotgan sho‘x-shodon kulgilari, ona Vatanni, ko‘klamni, baxtiyor bolalikni, mustaqil yurt farzandlarining beg‘ubor va quvnoq damlarini madh etuvchi jarangdor kuy-qo‘shiqlari, jozibador raqslari barchaga zavq-shavq ulashadi...

Tinchlik va osoyishtalik, ahillik va birdamlik hukmron, fidoyilik, izlanish, tashabbus va halol mehnat qadrlangan yurtda qut-baraka bo‘ladi. Buni mamlakatimizda iqtisodiy barqarorlik, yuksalish sur’atlari davom etayotganida yaqqol ko‘rish mumkin. Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar samarasida 2013-yilda aholi turmush darajasini izchil yuksaltirish ta’minlandi, O‘zbekistonning dunyo bozoridagi pozitsiyasi mustahkamlandi. Mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 8 foizga o‘sdi.

Yangi ish joylari tashkil etish, ayniqsa, yoshlarni va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan e’tibor natijasida aholi turmush darajasi yuksalib bormoqda. O‘tgan yili bir millionga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi, aholining real daromadlari miqdori muttasil ko‘payishiga erishildi.

Ijtimoiy sohani isloh etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida qishloqlar qiyofasini tubdan o‘zgartirish, namunaviy loyihalar asosida uy-joylar qurish, qishloqda zamonaviy infratuzilmani shakllantirish hisobidan aholi hayot darajasini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida zamonaviy uy-joy qurish dasturining amalga oshirilishi natijasida 2009-2013-yillarda mamlakatimizning 159 qishloq tumanida 900 dan ortiq yangi uy-joy massivlari barpo etildi, 33,5 mingdan ziyod yakka tartibdagi uy-joy qurildi. Bular Prezidentimiz rahnamoligida Vatanimizni har tomonlama obod qilish, erkin va farovon hayot barpo etishdek oliy maqsad yo‘lida amalga oshirilayotgan beqiyos ishlarning amaldagi ifodasidir.

Bu 2013-yil 16-17-aprel kunlari mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan “Zamonaviy uy-joy qurilishi – qishloq joylarini kompleks rivojlantirish va qiyofasini o‘zgartirish hamda aholi hayotining sifatini yaxshilash omili” mavzusidagi xalqaro konferensiyada nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari, uy-joy qurilishi sohasidagi yirik kompaniyalar rahbarlari, yetakchi mutaxassislar tomonidan e’tirof etildi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli”ning o‘ziga xos jihatlaridan biri qishloqlarimizni izchil rivojlantirishga alohida ahamiyat berilayotganidadir. Zero, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, barchamizning ildizimiz, tomirimiz avvalambor qishloq zaminiga borib taqaladi.

Bugungi kunda yurtimizning barcha hududlarida namunaviy loyihalar asosida xalqimizning milliy hayot tarzi, hududlarning tabiiy iqlim sharoiti, shu bilan birga, zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya tizimlari bilan uyg‘un holda, bahavo, keng, qulay va yorug‘ qilib bunyod etilayotgan uy-joylar qishloq aholisining munosib hayot kechirish borasidagi orzularini ro‘yobga chiqarmoqda. 2013-yilda 353 qishloq massivida barpo etilgan 10 mingta shinam uylar minglab oilalar hayotida ana shunday yangi davrni boshlab berdi.

...Sahna tegrasidagi yirik monitorlarda yurtimizda erkin va farovon hayot barpo etish, xalqimizning, shu zaminda yashayotgan har bir insonning orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarish, qishloqda turmush darajasini yuksaltirish maqsadida izchillik bilan amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning samaralari aks etgan tasvirlar bayram ishtirokchilari qalbida erishgan yutuqlarimizdan faxrlanish va mamnuniyat tuyg‘ularini jo‘sh urdiradi...

Bu yilgi Navro‘z tantanalarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning badiiy-folklor va etnografik jamoalari chiqishlariga keng o‘rin berilgan. Har bir hududning rang-barang dasturlarida uning o‘ziga xos an’analari, laparu o‘lanlari, raqs va hazil-mutoyiba, baxshilar aytishuvi ijro etildi. Hur diyorimizda bir tanu bir jon bo‘lib yashayotgan barcha millat va elatlar vakillarining badiiy chiqishlari qalblarni faxrga to‘ldirdi.

Istiqlol yillarida milliy musiqamizni chuqur o‘rganish va rivojlantirish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Shashmaqom, Katta ashula, Navro‘z insoniyatning eng durdona kashfiyotlari sifatida YuNESKOning Butunjahon nomoddiy merosi ro‘yxatiga kiritildi. Bu xalqimizning ming yillik qadriyatlari umuminsoniy sivilizatsiya rivojiga ulkan hissa qo‘shgani, odamzotni ezgulikka, birdamlikka, tinch-totuv yashashga, tabiatning abadiy muvozanatini asrashga undab kelayotganining yuksak e’tirofidir.

...Maqom, folklor-etnografik ansambllarining chiqishlarida, turfa raqslarda, xalq o‘yinlarida ko‘p ming yillik tarixga ega, go‘zal va betakror bayramimizning noyob qirralari o‘z aksini topgan.

Yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik mustaqillik yillarida Prezidentimiz rahnamoligida xalqimiz erishgan eng buyuk yutuqdir. Ulug‘ ajdodlarimiz tinch mamlakat baxtli, saodatli mamlakatdir, deb bejiz aytmagan. Zero, tinchlik hukmron yurtdagina inson buyuk va ezgu orzularni ko‘ngliga tugishi hamda ularning ushalishidan qalbi quvonchga to‘lishi, o‘z iqtidori, qobiliyati va salohiyatini to‘la namoyish etishi mumkin.

manba: O'zbekiston Respublikasi Milliy Axborot Agentligi



 

Просмотров: 776 | Добавил: Bahodir | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Kirish uslubi
Saytdan izlash
Taqvim
«  Mart 2014  »
DuSeChPaJuShYa
     12
3456789
10111213141516
17181920212223
24252627282930
31
Arxiv
Foydali saytlar
  • XTV sayti
  • Ziyonet
  • Hukumat portali
  • Respublika ta'lim markazi
  • Bolalar kutubxonasi
  • Respublika tashxis markazi
  • Copyright MyCorp © 2024