Shanba, 12.10.2024, 12:30
Hush kelibsiz Гость | RSS
 Toshkent viloyati Parkent tumani Xalq Ta'limi Bo'limi
Bosh sahifa Ro'yxatdan o'tishKirish
Sayt menyusi
Паркент
ЕвроМетео
Statistika

Jami onlaynda 1
Mehmonlar: 1
Foydalanuvchilar 0
Главная » 2017 » Fevral » 11 » Ta'lim-tarbiya jarayoniga ilg‘or tajribalar joriy etiladi
11:21
Ta'lim-tarbiya jarayoniga ilg‘or tajribalar joriy etiladi
Xalqimizda “Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabidir” degan naql bor. Bu bejiz aytilmagan. Chunki inson kamolotining asosi uning bolaligida olgan ta'lim va tarbiyasiga bevosita bog‘liq. Shu ma'noda, davlatimiz tomonidan o‘g‘il-qizlarimizning bilimli, odobli, yuksak salohiyatli bo‘lib kamolga yetishishlari yo‘lida ezgu chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu haqda so‘z yuritganda, avvalo, maktabgacha ta'lim muassasalarining holatini yanada yaxshilash borasidagi tashabbuslarga alohida to‘xtalishimiz zarur. Xususan, 2016-yil 29-dekabrda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “2017 – 2021-yillarda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Dilshod KENJAYEV bilan ushbu hujjatning ahamiyati haqida suhbatlashdik.

— Har bir ota-ona o‘z farzandini barkamol etib tarbiyalashni, uning baxtu iqbolini ko‘rishni istaydi. Buning uchun bola ta'lim-tarbiyasiga alohida e'tibor qaratadi. Shu ma'noda, ular taqdirida muhim o'rin tutadigan maskan — maktabgacha ta'lim muassasalarining avvalgilaridan farqli jihatlari nimalarda ko'rinadi?

— Mustaqillik yillarida respublikamizda milliy ta'lim va tarbiya tizimini shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi darajasiga ko'tarildi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning bevosita rahbarligida izchil islohotlarning amaliyotga joriy qilinishi natijasida mamlakatda noyob uzluksiz ta'lim tizimiga asos solindi.

Bu tizimda maktabgacha ta'lim bolaning sog'lom, har tomonlama kamol topib shakllanadigan, uning o'qishga intilishi va bilim olishga bo'lgan qiziqishini uyg'otadigan muhim bosqichga aylantirildi.

Ilgari maktabgacha ta'lim muassasasi ota-ona ishda bo'lgan paytlarida “bolalar bexavotir saqlab turiladigan joy” vazifasini bajargan. Bugun esa maktabgacha ta'lim bolani intellektual, jismoniy hamda ma'naviy rivojlantirishga, uni shaxs sifatida tarbiyalashning dastlabki va muhim bo'g'iniga aylandi.

Respublikamiz bo'yicha jami 4916 ta maktabgacha ta'lim muassasasida qariyb 668,5 ming nafar bola tarbiyalanmoqda. Shuningdek, 194 ta nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi mavjud bo'lib, ularda 12 ming nafarga yaqin tarbiyalanuvchi qamrab olingan. Mutaxassislar inson o'z umri davomida egallaydigan barcha bilimning 70 foizini 5 yoshgacha bo'lgan davrda olishini ta'kidlashadi. Shunday ekan, kelajak avlodga ta'lim-tarbiya berishda maktabgacha ta'lim muassasalarining ahamiyatini tasavvur qilavering.

— Prezidentimiz qarori tizimda vujudga kelgan muammolarni bartaraf etishda qanday o'rin egallaydi?

— So‘nggi yillarda maktabgacha ta'lim muassasalarining faoliyat samaradorligini yuksaltirish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yo‘naltirilgan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, birgina 2015/2016-yillar davomida 459 ta maktabgacha ta'lim muassasasi mukammal ta'mirlanib, zamonaviy talablarga mos ravishda jihozlandi.

Shu bilan birga, bugungi kunda bunday muassasalarning ta'lim dasturlari va o'quv-tarbiyaviy rejalariga qo'yilgan davlat talablarini takomillashtirish dolzarb masala bo'lib qolmoqda. Aksariyat maktabgacha ta'lim muassasalarining moddiy-texnika bazasi zamon talablariga javob bermaydi. Ayrim chekka hududlarda bolalarni maktabgacha ta'limga qamrab olish ko'rsatkichi hamon past darajada. Prezidentimizning “2017 – 2021-yillarda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tizimni tubdan isloh qilish, uni davr talablari asosida qayta tashkil etish hamda bolalarning intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish imkonini beradi. Ushbu hujjat 2017 – 2021-yillarga mo'ljallangan keng ko'lamli kompleks tadbirlarni amalga oshirishni ko'zda tutadi. Jumladan, maktabgacha ta'lim sifatini oshirish, bolalarni maktabga sifatli tayyorlashni tubdan yaxshilash chora-tadbirlariga alohida urg'u berilgan.

— Prezidentimiz yaqinda bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma'ruzasida maktabgacha ta'lim sohasida bolalarni qamrab olish 27 foizni tashkil qilayotganini ta'kidladi. Mutaxassislar bog‘chaga chiqmayotgan bolalar maktabga borganida fanlarni o‘zlashtirishda qiynalib qolishi mumkinligini aytadilar. Qarorda bu masalalar yechimi qanday belgilangan?

— Oila va bog‘chada bolalarning ta'lim-tarbiyasiga yondashuvda qator tafovutlar mavjud. Bu, avvalo, bolani maktabga tayyorlash jarayonida ko‘rinadi. Maktabgacha ta'lim muassasasiga bormagan bola to‘g‘ridan-to‘g‘ri maktabga kelganda, dastlab boshqa bolalarga qo‘shila olmaydi. Chunki ular ko'proq oila muhitida ulg‘ayganligi sababli nisbatan tortinchoq bo‘lishadi. Maktabgacha ta'lim muassasalarida esa bolalarning nafaqat tengdoshlari, balki kattalar bilan ham muloqot qilish ko'nikmalari rivojlantiriladi.

Shu ma'noda, mazkur qaror asosida maktabgacha ta'lim sifati tubdan yaxshilanadi, ta'lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy hamda ilg'or tajribalar joriy etiladi. Bola shaxsini kamol toptirishda unga faqatgina harfni o'rgatishgagina emas, balki ijobiy fazilatlarni shakllantirish, uning ruhiyatida atrof-olam, jamiyat va ota-onasiga nisbatan hurmat hissini, Vatanni sevishdek muqaddas tuyg'ularni uyg'otishga ahamiyat qaratiladi.

Savolingizga to‘xtaladigan bo‘lsak, maktabgacha ta'lim muassasalarida 5-6 yoshli bolalarni maktab ta'limiga tayyorlash bo'yicha an'anaviy shakllar bilan bir qatorda, uning muqobil shakllarini yaratish hamda rivojlantirish ham ko'zda tutilgan. Xususan, yurtimiz bo‘yicha maktabgacha ta'lim muassasalarida 6100 ta qisqa muddatli guruhlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bunday guruhlar bolalarni maktab ta'limiga tayyorlashning samarali shakli bo‘lib qoladi.

Yana bir muhim jihati, bu guruhlar, bir tomondan, yosh oilalarga qulaylik tug‘diradi, ya'ni ularga moliyaviy yengillik beradi. Eng muhimi, bolalarni maktabgacha ta'limga qamrab olish darajasi ortib, boshlang'ich sinflarda o'quvchilar orasidagi tafovut barham topadi. Qolaversa, bolalarning intellektual qobiliyatini rivojlantirish bo'yicha zarur didaktik o'yin va o'yinchoqlar bilan ta'minlanishi, kichik kutubxonalarning tashkil etilishi ham e'tiborlidir. Shu tariqa bolajonlarda badiiy adabiyotga nisbatan qiziqishni uyg'otish ko'zda tutilgan.

— Qarordagi o'ziga xos jihatlar yana nimalarda ko'rinadi?

— Prezidentimizning qarori maktabgacha ta'lim muassasalari uchun pedagog kadrlar tayyorlash va ular malakasini oshirish masalasini nazarda tutishi ayni muddao bo'ldi. Zamon shiddat bilan o'zgarayapti. Texnika hamda texnologiyalar yil sayin yangilanib borayotir. Pedagogik texnologiyalar va uslublarni inobatga olgan holda, maktabgacha ta'lim muassasalariga kadrlarni tayyorlash hamda malakasini oshirishning o'quv reja va dasturlarini takomillashtirishga katta e'tibor qaratilgan.

Yangi maktabgacha ta'lim muassasalarini qurishda zamonaviy loyihalarga tayaniladi. Xususan, bolalarning yangi shakldagi hamda qulay sharoitga ega yozgi ayvonchalarini, suzish havzalarini qurish inobatga olingan. Bunday qulayliklar kichkintoyning jismonan va ma'nan sog'lom bo'lib o'sishida katta ahamiyat kasb etadi.

Qisqasi, Maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish bo'yicha 2017 – 2021 –yillarga mo‘ljallangan dastur jondan aziz dilbandlarimizning ma'naviy yetuk, jismonan barkamol bo'lib ulg'ayishlarida mustahkam poydevor bo'lib xizmat qilishi, shubhasiz.

“Xalq so‘zi” muxbiri
Omonulla FAYZIYEV suhbatlashdi.
Просмотров: 605 | Добавил: Bahodir | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Kirish uslubi
Saytdan izlash
Taqvim
«  Fevral 2017  »
DuSeChPaJuShYa
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728
Arxiv
Foydali saytlar
  • XTV sayti
  • Ziyonet
  • Hukumat portali
  • Respublika ta'lim markazi
  • Bolalar kutubxonasi
  • Respublika tashxis markazi
  • Copyright MyCorp © 2024