Shanba, 12.10.2024, 14:18
Hush kelibsiz Гость | RSS
 Toshkent viloyati Parkent tumani Xalq Ta'limi Bo'limi
Bosh sahifa Ro'yxatdan o'tishKirish
Sayt menyusi
Паркент
ЕвроМетео
Statistika

Jami onlaynda 1
Mehmonlar: 1
Foydalanuvchilar 0
Главная » 2015 » Fevral » 20 » “Yilning eng yaxshi maktab direktori”
08:51
“Yilning eng yaxshi maktab direktori”
Yurtimizda ta'lim tizimiga mamlakatni barqaror taraqqiy ettirishning muhim omili sifatida e'tibor qaratilayotgani qisqa fursatdayoq o`z samarasini ko`rsata boshladi. Bu xalqaro jamoatchilik tomonidan ham e'tirof etilmoqda.
Albatta, istiqlol yillarida Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida keng ko`lamli islohotlar amalga oshirildi. Fan-texnika va texnologiyaning zamonaviy yutuqlari asosida ta'lim dasturlari takomillashtirib borilmoqda. Tabiiyki, bunday sharoitda ta'limni boshqarish tizimida pedagogik jarayonni ilmiy asosda tashkil etish, faoliyatda vujudga kelayotgan muammolarni ijobiy hal etish borasida izlanishlar olib borish kabi dolzarb vazifalar yuzaga keladi.
Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining yaqinda bo`lib o`tgan navbatdan tashqari sessiyasida Yurtboshimiz bugungi kun uchun oo`ta muhim va dolzarb boo`lgan bir qator vazifalarga too`xtalar ekan, shiddat bilan rivojlanayotgan zamonda vujudga kelayotgan yangidan-yangi talablarni har bir inson qaerda va qanday lavozimda ishlamasin chuqur anglashi, ishga, hayotga munosabatini o`zgartirib borishi zarurligini ta'kidlab o`tdilar. Jumladan, Prezidentimiz tomonidan bildirilgan quyidagi mulohazalar har bir yurtdoshimiz, ayniqsa, boshqaruv tizimida faoliyat yuritayotgan mas'ul rahbarlarni yanada mas'uliyatliroq bo`lishga, hushyorlikka undadi: "Ayniqsa, zamonning yurishi, o`zgarishi bilan avvalo rahbarlar, yetakchilar o`zgarishi kerak. Biz XXI asr - intellektual taraqqiyot asri, deb ko`p gapiramiz. Modomiki, shunday ekan, bugungi kunda rahbar nafaqat aniq bir kasb-hunarning egasi, avvalo o`zining faoliyati va insoniyligi bilan xalqning ishonchiga munosib bo`lishi, yuksak intellektual tafakkur sohibi, uzoqni ko`ra oladigan, doimo yangilikka intilib, zamon bilan hamqadam bo`lib yashaydigan, qat'iyatli shaxs bo`lishi lozim".
Darhaqiqat, maktab direktori ham ta'lim muassasasi boshqaruvini zamonaviy usullarda tashkil etishi zarur. Bu esa undan ilg`or tajribalarni va fan-texnika yutuqlarini muntazam o`rganib o`z faoliyatiga tatbiq etib borishni, kasbiy faoliyatiga ijodiy yondashuvni talab qiladi. Agar umumiy o`rta ta'lim muassasasi rahbarida boshqaruv yo`nalishlari bo`yicha zarur bilim, tajriba, pedagogik mahorat, ko`nikma va malakalar yetarli bo`lmasa ta'lim jarayonini boshqarishda vujudga keladigan turli muammolarning o`z vaqtida, oqilona yechimini topishda uning ojizligi sezilib qoladi. Ularning oldini olish hamda pedagogik xodimlar faoliyatini takomillashtirish va natijada o`quv jarayonini rivojlantirishning eng asosiy shartlaridan biri rahbar boshqaruv faoliyatining ilmiy asosda tashkil etilishidir.

Xalqimizda rahbar kadrlar va ularga xos xususiyatlarga sharqona yondashuvning boy tarixiy-madaniy an'analari mavjud. Buning isboti sifatida Abu Nasr Forobiy tomonidan bildirilgan rahbarning fazilati to`g`risidagi fikrlarni keltirish mumkin. Unda rahbarning tabiatan nozik, farosatli bo`lib, umumiy ahvol qandayligini ravshan tasavvur qila olishi; voqea-hodisalarni xotirasida to`la-to`kis saqlab qoladigan; zehni o`tkir va zukko, o`z fikrini chiroyli so`zlar bilan ifodalaydigan, ravshan tushuntira oladigan; ta'lim olishga, bilim va ma'rifatga havasli bo`lib, uning mashaqqatlaridan qochmaydigan; haq va haqiqatni, odil va haqiqiy odamlarni sevadigan, yolg`on va yolg`onchilarni yomon ko`radigan; o`z qadrini biluvchi, oriyatli; tabiatan adolatparvar va o`zi zarur deb hisoblagan chora-tadbirlarni amalga oshirishda qat'iyatli, sabotli, jur'atli, jasur bo`lishi kabi insoniy xislatlari alohida ta'kidlab o`tilgan. Shunga asoslanib aytish mumkinki, bugungi kunda ham maktabni boshqarish ishlari samaradorligida rahbarning shaxsiy fazilatlari muhim o`ringa ega. Darhaqiqat, direktor shaxsi va uning ma'naviy sifatlarining qandayligi jamoa a'zolarining hamkorlikdagi innovasion faoliyati hamda sog`lom ijodiy muhitga bevosita ta'sir ko`rsatishiga tajribada ko`p guvoh bo`lganmiz.
Shu o`rinda qiziq bir fakt: yuqorida sanab o`tilgan umumiy jihatlarni hisobga olgan holda ta'lim muassasasi rahbarlarining soha mazmun-mohiyatidan kelib chiqadigan o`ziga xos shaxsiy xususiyatlari ham borligi kuzatiladi. Jumladan, ularning muloqotga oson kirishuvchanligi, ochiqligi, o`zaro munosabatlarni o`rnatishda faolligi, intellektual rivojlanganligi, hissiyotga beriluvchanligi, qo`pollikni yoqtirmasligi, ko`ngilchanligini misol qilib keltirish mumkin.

MAKTAB DIREKTORINING FUNKSIONAL VAZIFALARI
Zamonaviy maktab faoliyatini tashkil etish va boshqarishda ta'lim muassasasi barcha xodimlarining o`z mehnat faoliyatlari natijalaridan birdek qoniqish hosil qilishlari, jamoadagi to`g`ri mehnat taqsimoti, xodimlarda o`z vazifalariga nisbatan mas'uliyat hissining shakllanishi, o`quv jarayonini hozirgi zamon talablari darajasida ilmiy asosda tashkil etish samaradorligi ko`p jihatdan ta'lim muassasasi rahbarlarining funksional vazifalarini qay darajada tushunib yetishi va amalga oshirishiga bog`liq bo`ladi.
Ta'lim muassasasini boshqarishda pedagogik xodimlar, ota-onalar va o`quvchilar o`rtasidagi o`zaro ta'sir jarayonini kuzatish hamda barcha uchun zarur va qulay bo`lgan ruhiy muhitni vujudga keltirish ham muhim o`ringa ega. Buning uchun rahbar ta'lim muassasasidagi mavjud munosabatlar, o`quvchilarning jismoniy, ruhiy va intellektual rivojlanishiga ta'sir ko`rsatuvchi omillar, ya'ni o`qituvchilar bilan o`quvchilar, ota-onalar bilan ta'lim muassasasi hamda o`quvchilar o`rtasidagi munosabatlardan yaxshi xabardor bo`lishi lozim. Jarayonda yuzaga kelishi mumkin bo`lgan salbiy holatlarni o`z vaqtida aniqlash hamda unga ta'sir ko`rsatishning eng maqbul yo`llarini belgilash, ta'lim-tarbiya jarayonining holati to`g`risida ishonchli axborotlar to`plash, qayta ishlash va ob'ektiv baholashda yuqorida nazarda tutilgan boxabarlik juda muhim ahamiyatga ega.
Shu o`rinda alohida to`xtalib o`tish lozimki, maktab direktori ta'lim muassasasining asosiy maqsadi bo`lgan ta'lim-tarbiya ishini tashkil etish, rivojlantirishda o`ziga xos ahamiyatga ega bo`lgan axborot-tahlil, maqsadli-motivlashtirish, oldindan ko`rish-rejalashtirish, tashkiliy-ijrochilik, nazorat-tashxis va tartibga solish-muvofiqlashtirish funksiyalarini tizimli va to`g`ri amalga oshirishi zarur. Xo`sh, ularning mohiyati nimalardan iborat bo`ladi?
Axborot-tahlil funksiyasi boshqaruvda alohida ahamiyatga ega bo`lib, axborotlarni olish va tahlil qilish boshqaruv tizimining poydevori hisoblanadi. Bundan ko`zlangan birinchi maqsad - pedagogik tizimlar (pedagogik jarayon) to`g`risida muntazam ravishda axborotlar to`plab borish, ularni chuqur o`rganish hamda ob'ektiv baholashdan iborat. Olingan xulosalar asosida boshqaruv faoliyatining strategiyasi, rivojlanish omillarini, aniq chora-tadbirlarni belgilash, ularning bajarilishini tashkil etish va nazorat qilib borishni yo`lga qo`yish lozim. Shuning uchun, axborotlar ishonchli, yangi va foydali bo`lishi zarur.
Maqsadli-motivlashtirish funksiyasini amalga oshirishda, avvalo, ta'lim muassasasi oldiga qo`yilgan maqsad umumiy ekanligini hamda mavjud shart-sharoitlar va vaziyatlarni inobatga olish zarur. Shuningdek, vazifalarni taqsimlashda maqsadlarning birligini saqlash, topshiriqlarning bajaruvchilar tomonidan o`z vaqtida va samarali bajarilishi uchun maqsadni belgilash jarayoniga ularni ham jalb etish, kutilayotgan natijalar yuzasidan oldindan tushunchaga ega bo`lish, topshiriqlar tahlil qilinib ularning bajarilish muddatini aniq belgilash zarur. Bunda motivlarning xususiyatlarini hisobga olish, ya'ni ularning qaysi biri boshqaruv faoliyatini to`g`ri yo`naltirishga, qaysilari samarali harakatlar rejasini tuzishga imkoniyat yaratishini bilish o`ziga xos ahamiyatga ega.
Oldindan ko`ra bilish-rejalashtirish funksiyasi tashkiliy shakllar, usullar, ta'sir etuvchi vositalarni aniqlaydi, nazoratning me'yori va natijalarini baholashga xizmat qiladi. Shuningdek, pedagogik tizim va uning ishtirokchilari faoliyatini muvofiqlashtirish, tartibga solishga imkoniyat yaratadi. Demak, rahbar tomonidan ta'lim muassasasining holatini, erishgan natijalarini, rivojlanish imkoniyatlari va dinamikasini aniqlash, jamoadagi ruhiy muhit, o`zaro munosabatlar va ehtiyojlarni o`rganish hamda barcha uchun qulay bo`lgan o`zaro ta'sir jarayonini vujudga keltirish strategiyasini belgilash oldindan ko`rish-rejalashtirish funksiyasining asosini tashkil etadi.
Tashkiliy-ijrochilik funksiyasi boshqaruv faoliyatining barcha yo`nalishlarida o`z ifodasini topadi.
Ya'ni, u kadrlar tanlash va joy-joyiga qo`yish, ijrochilarning o`zaro ta'sir etish tizimini shakllantirish, axborotlar to`plash va ularga ishlov berish faoliyatlari bilan bog`liq bo`ladi. Buning natijasida ma'lum bir pedagogik boshqaruvga xos tarkibiy tizim vujudga keladi. Uni samarali amalga oshirish o`zaro ishonch va yordam, har kimga tanlash huquqini berish, faqat maqsadni emas, balki unga erishish mezonlarini ham belgilash, xodimlarning shaxsiy imkoniyatlari va qobiliyatlarini to`la namoyon etishlari uchun sharoitlar yaratish, tashabbuskorlikni rag`batlantirish va har bir xodimning mehnatini ob'ektiv baholash bilan bog`liq bo`lib, jamoada sog`lom ijtimoiy-psixologik muhitning vujudga kelishida o`ziga xos ahamiyat kasb etadi.
Nazorat-tashxis funksiyasi. Nazorat boshqaruv jarayonida amalga oshiriladigan barcha funksiyalar bilan bog`liq bo`ladi. Pedagogik tizimni boshqarish jarayonida ko`zlangan yo`nalishdan ma'lum bir ma'noda og`ishlar ham vujudga kelishi mumkin. Aynan shunday vaziyatlarda yo`l qo`yilayotgan xatoliklarning sababini o`z vaqtida aniqlash va ularni tuzatish usullarini belgilashda nazoratning o`rni juda muhim.
Tartibga solish-muvofiqlashtirish funksiyasi pedagogik tizimning holatini zaruriy, belgilangan darajada ushlab turish, uni yangi sifat darajasiga ko`tarish va pedagogik jarayonda yo`l qo`yilayotgan xatoliklarni tuzatish hamda ishtirokchilarning xatti-harakatlarini tartibga solish uchun xizmat qiladi. Mazkur funksiya yordamida pedagogik tizim sub'ektlarining faoliyati o`zaro muvofiqlashtiriladi. ¤z navbatida, muvofiqlashtirish pedagogik tizimning harakatlanish yo`nalishi bilan barcha bo`g`inlarining o`zaro uyg`unlashuvida yuqori darajadagi tezkorlikni talab etadi.
PEDAGOGLARNING KASBIY FAOLLIGINI OShIRIShDA RAHBARNING VAZIFALARI
Mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki kunlaridan boshlab o`qituvchilik kasbining ahamiyati va nufuzini yuqori ko`tarish bo`yicha aniq maqsadga qaratilgan ishlar izchillik bilan ro`yobga chiqarilmoqda. Pedagoglarning moddiy turmush sharoitini yaxshilashga yo`naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz tomonidan ko`rsatilayotgan bu e'tibor va g`amxo`rlik barcha o`qituvchilarning bilim, tajriba va mahoratini muntazam oshirib borish yo`lida o`z ustida ishlashi, tinmay izlanishi hamda o`quv jarayonini zamon talablari darajasida tashkil etishga mas'ulligini yanada chuqur anglashiga xizmat qilmoqda. Shuningdek, sohaga yetuk yosh mutaxassislarning kelib qo`shilishiga keng imkoniyat yaratmoqda. Bu esa, o`z navbatida, maktab rahbarlari oldiga ham yanada yangi vazifalar qo`yadi.
Ma'lumki, inson har doim o`sish va rivojlanishdadir. Shunday ekan kadrlar salohiyatini yuksaltirishga ta'sir etuvchi omillarning ilmiy-nazariy mohiyatini barcha pedagogik jamoa rahbarlari to`g`ri tushunishlari lozim. Har qanday jamoa jamiyatning bir bo`lagi sifatida unga xos bo`lgan barcha xususiyatlarni o`zida mujassam etgan bo`lishi lozim. g`oyaviy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, axloqiy-ma'naviy va boshqa jabhalar shular jumlasidandir. Maktab rahbari boshqaruv faoliyatida qator funksiyalarni bajaradi: pedagogik jamoaning ilmiy-pedagogik faoliyati maqsadlarini aniqlaydi va shakllantiradi, rejalashtiradi, rag`batlantirish vositalari va usullarini belgilaydi, ushbu jarayonlarni nazorat qilib boradi. Jumladan, yosh pedagogning o`zi tanlagan kasbga mehr qo`yishi, o`qituvchilik kasbining sirlarini mukammal o`rganishi va unda o`z kelajagiga nisbatan ishonch tuyg`ulari rivojlanishida ham maktab direktori katta ta'sir kuchiga ega shaxs hisoblanadi. Bundan tashqari, rahbar jamoada o`z o`rniga ega bo`lib, u bilimi, muomalasi, ilmiy dunyoqarashi, pedagogik xodimlar bilan o`zaro munosabatlar, maqsadga intilish, ijtimoiy xulq va boshqalarda namuna bo`lishi zarur. Bundan jamoaning har bir a'zosi o`ziga xos ta'sirlanadi. Rahbar boshqaruv faoliyatida o`zaro ta'sirning ikki yo`nalishini - pedagogning jamoaga; jamoaning pedagogga ta'sirini va bu o`zaro ta'sir har qanday holatda ijobiy bo`lishini ta'minlashi zarur.
Pedagogning jamoaga ta'siri uning orttirgan obro`si, bilimi, dunyoqarashi, o`zi tanlagan kasbga qiziqishi va qobiliyati, o`z fanini puxta bilishi, jamoa bilan munosabati, o`z ustida ishlashi, tashkilotchilik qobiliyati va tashabbuskorligi singari ko`rinishlarda namoyon bo`ladi. Olaylik, obro`ga ega bo`lgan mutaxassis shaxslararo munosabatlarda yuqori
mavqega ega bo`ladi, jamoada uning fikr-mulohazalari qadrlanadi, undan maslahat so`rashadi. Ammo obro` orttirishda shaxsiy sifatlarning o`zigina yetarli bo`lmay, u yoki bu mutaxassis haqidagi jamoatchilik fikri ham rol o`ynaydi. Shuning uchun ham mutaxassisning jamoatchilik fikri bilan hisoblashmay iloji yo`q, bu esa jamoaning pedagogga bo`lgan ta'siridir. Ya'ni, jamoa pedagogning ayrim sa'y-harakatlarini rad etishi, qabul qilmasligi yoki aksincha unga intilishi mumkin.
Yuqorida aytib o`tganimizdek, jamoa bilan mutaxassisning o`zaro ta'siri ikki xil, ya'ni ijobiy va salbiy bo`lishi mumkin, bunda rahbarning roli yaqqol namoyon bo`ladi. Ijobiy ta'sirni vujudga keltirishda rahbar pedagogik jamoa va ta'lim muassasasining manfaatlari bir-biriga mos kelishini istagan holda, xodimlarning muvaffaqiyat hamda kayfiyatlari bilan qiziqish, tabassum bilan muomala qilish, xodimlarga hurmat bilan murojaat qilish, har qanday vaziyatda ham ularning shaxsiyatiga tegmaslik, har bir xodimning kamchiliklariniaytganda, albatta, uning muvaffaqiyatlarini ham e'tirof etish kabi eng maqbul uslublarini o`z faoliyatiga tatbiq etishi zarur.
Xulosa qilib aytadigan bo`lsak, zamonaviy maktabni boshqarish - murakkab, ko`p komponentli tashkiliy tuzilishga ega bo`lib, bunda asosiy maqsadga, ya'ni o`quvchilarni hayotga tayyorlash, ularning mehnatga va murakkab ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlarga mustaqil ravishda tezroq moslashishlarini ta'minlashga erishishda ta'lim muassasasidagi barcha sub'ektlarning sa'y-harakatlarini shu maqsad yo`lida birlashtirish, o`zaro hamkorlik muhitini yaratish muhimdir.
Просмотров: 892 | Добавил: Bahodir | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Kirish uslubi
Saytdan izlash
Taqvim
«  Fevral 2015  »
DuSeChPaJuShYa
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
232425262728
Arxiv
Foydali saytlar
  • XTV sayti
  • Ziyonet
  • Hukumat portali
  • Respublika ta'lim markazi
  • Bolalar kutubxonasi
  • Respublika tashxis markazi
  • Copyright MyCorp © 2024